Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 16:59
KirishA'zo bo'lish
Osiyo o'q otish konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon Al Sabah MOQga tashrif buyurdi

 15 SENTYABR, 20:25 5

.

Bugun Osiyo o'q otish konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon Al Sabah O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasiga tashrif buyurdi.

Martabali mehmonni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo'mita Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi olishdi. Dastavval MOQ rahbariyati mehmonlarni Qo'mita faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdi va ularga o'zbek sportining shonli tarixi haqida gapirib berishdi. Shundan so'ng reja bo'yicha, bir qator masalalar muhokamasiga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tdi. Qayd etish joiz, Al Sabahga ushbu konfederatsiya Bosh kotibi Duayj Al Otaybi hamrohlik qildi. Shuningdek, uchrashuvda O'zbekiston o'q otish federatsiyasi raisi Oybek Norinboev ham qatnashdi. So'z avvalida Rustam Shoabdurahmonov Al Sabahning tashrifidan mamnun ekanligini bildirib o'tdi.

«O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi Sizdek mehmonni qabul qilishdan mamnun. Ushbu tashrifingiz milliy federatsiyamiz bilan Siz rahbarlik qilayotgan tashkilot o'rtasidagi iliq munosabatni yanada mustahkamlaydi, deb hisoblaymiz. Hurmatli Prezidentimizning yurtimizda sog'lom turmush tarzi targ'iboti va sportga qaratayotgan e'tiborlari juda katta. U kishining qo'llab-quvvatlashi bilan Toshkent viloyatida zamonaviy o'q otish markazi barpo etilmoqda. Ishonamizki, bu markazning kelgusida foydalanishga topshirilishi ushbu sportda yangi chempionlarimizni kashf qilishimizda katta turtki bo'ladi», – dedi MOQ rahbari.

O'z o'rnida martabali mehmon ham yangi g'oya va rejalarni amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekanini bildirib o'tdi.

«Avvalambor, meni iliq kutib olganingiz uchun tashakkur aytaman. O'zbekistonda bo'lish men uchun sharaf. Ilk bor 2006 yil mamlakatingizga kelgan edim. Hozir O'zbekistonning taraqqiyoti ulkan darajada o'sgan. Darhaqiqat, qurilayotgan yangi o'q otish markazi menda iliq taassurot qoldirdi. Uning imkoniyatlari har tomonlama yuqori ekanini bilib olish qiyin emas. Kelgusida o'zbekistonlik sportchi va murabbiylarning malakalarini oshirish uchun yordam berishga tayyormiz», – dedi Al Sabah janoblari.

Samimiy ruhda o'tgan suhbat davomida mamlakatimizda o'q otish sportini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, Toshkentda ko'plab xalqaro tadbirlarni tashkil etish kabi istiqbolli masalalar muhokama qilindi. Tadbir yakunida mehmonlarga MOQning esdalik sovg'alari topshirildi.

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR