logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 13:53
KirishA'zo bo'lish
Shamil Gazizov: «O'runov «Ufa»ga qaytishda maoshining bir necha baravar kamayishiga rozi bo'ldi»

 15 SENTYABR, 15:00 8

.

Hamyurtimiz Oston O'runov oldida katta sinovlar turgani o'z-o'zidan ayon. Zero, yosh futbolchining «Spartak»ka transferi omadsiz chiqqach, uning atrofidagi gap-so'zlar ortib ketdi. Muhimi, O'runovning Rossiya Premer-ligasidagi ilk jamoasi «Ufa» unga hamon ishonmoqda.

Yozgi transferlar bozorida tarkib masalasida katta o'zgarishlarga qo'l urgan Boshqirdiston jamoasi 12 nafar futbolchi bilan xayrlashib, ular o'rniga 13 nafar yangi o'yinchi taklif qildi. E'tiborli tomoni, ufaliklar shuncha futbolchiga umuman pul sarflashmadi. Ya'ni erkin agent maqomiga ega bir qator o'yinchilar bilan shartnoma tuzishdi, yana ijara kelishuvlariga ko'proq e'tibor qaratishdi. Xususan, Oston O'runov shu shart asosida ortga qaytarildi. Oxirgi vaqtlarda «Ufa»ning jiddiy moliyaviy muammolar ichida qolgani haqida ham xabarlar tarqalmoqda. Ta'kidlanishicha, klub baquvvat homiy yordamiga muhtoj. Xullas, 2 yilcha oldin evrokuboklar yo'llanmasi uchun kurashgan «Ufa» endi elitada qolishni o'ylamoqda. Muhimi, jamoa bosh direktori Shamil Gazizov kelajakka katta umid bilan qaramoqda. U xususan, Oston O'runovning jamoaga naf keltira olishiga shubhalanmayapti.

- «Ufa» safiga qo'shilgan yangi futbolchilar mavqesiga qarasak, Oston O'runovning ortga qaytgani yozgi muddatda asosiy transfer ishi bo'ldimi?

- Yo'q, nega? Axir O'runov yulduz darajasiga etmagan futbolchi-ku. U hali ham salohiyati katta yosh o'yinchi. 

- Lekin oxirgi vaqtlarda O'runovni juda ko'p muhokama qilishyapti.

- Ha, futbolchi mudom turli gap-so'zlar markazida. Aslida hammasi boshqacha. Tabiiyki, Ostonni oldinda katta mehnat kutyapti. Aytish joiz, u «Ufa»ga qaytishda, maoshining bir necha baravar kamayishiga ham ko'ndi. Qolaversa, mutlaqo tekin ijara kelishuvi. Umuman, bu kelishuvning hayratlanarli tomoni yo'q. Aslini olganda, bu galgi transferlar ancha qiziqarli. Mana, kimlardir birdaniga asosiy tarkibdan joy olishdi, ayrim yigitlar esa hozir tayyorgarlik jarayonini o'tashyapti. Xullas, hammasi hali oldinda.

- Qiziq, O'runov masalasida «Spartak» bilan qanday kelishdinglar? Zero, yozning o'rtalarida Moskva klubining katta talabi tufayli futbolchi uchun kurashdan chetda chiqqan edinglar. Yakunda O'runovni tekin ijara asosida oldinglar. Yana u 60 foizdan ko'p uchrashuvda qatnashsa, mavsum yakunida transferini 1 million evroga sotib olish huquqiga ega bo'ldinglar...

- Kamiga agar futbolchini xarid qilishga qaror qilsak, «Spartak» to'lov muddati masalasida ham imtiyoz berishga rozi bo'ldi.

- O'runov chindan ham, hali o'sadigan salohiyati katta iste'dodmi yoki sizga begona emasligi, «Spartak»ka aynan o'zingiz olib borganingiz uchun uni tashlab qo'yishni istamadingiz? Chunonchi, hozir ko'pchilik bu futbolchiga nisbatan ishonchsiz qaramoqda...

- Ha, ayni payt ko'plab futbolchilarga ishonishmayapti. Biz O'runovning kelajagi porloq ekanligiga aminmiz. Faqat hali tinmay ishlashi, ter to'kishi kerak. Oston ayrim xatolarga yo'l qo'ydiki, endi ularni tuzatish va qaytarmaslik haqida bosh qotirishi shart. Muhimi, kamchiliklarini bilib oldi va hammasini tushunib turibdi. Umuman, O'runov - iqtidorli yigit. Bunga shubha yo'q.

O'.UMAROV tayyorladi

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR