logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 02:05
KirishA'zo bo'lish
EChL. Ispan yigitlari «qizil buqalar»ga qarshi: «Sevilya» - «Zaltsburg» (prevyu)

 14 SENTYABR, 17:00 9

.

Ispaniyaning Andalusiyasidan bo'lgan «Sevilya» klubi Chempionlar ligasi doirasida bugun oqshomida «RB Zaltsburg»ga qarshi saf tortadi. Ushbu jamoalar keyingi turlarda «G» guruhida «Lill» hamda «Volfsburg» bilan raqobatlashishi kerak.

«Sevilya» ushbu bahsga ichki ligada «Elche» bilan 1:1 hisobidagi durang o'yin bilan etib keldi. Ular o'tgan hafta yakunida «Barselona»ga qarshi maydonga tushishi kerak edi, ammo ushbu to'qnashuv noma'lum muddatga ortga surildi. Hozirda «Sevilya» uchta turda 7 ochko bilan La liga jadvalida 6-o'rinni band etgan.

Bu davrda «Zaltsburg» Avstriya Bundesligasida «Tirol» klubini 3:1 hisobida mag'lub etdi. Jamoa tarkibidagi gollarga Adamu, Noa Okafor hamda Benjamin Sesko mualliflik qilishgan. Klub 7 ta o'yinda 7 ta g'alaba bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

«Sevilya» hamda «Zaltsburg» shu choqqacha ikki marotaba to'qnash kelishgan bo'lib, har ikki bahs ispaniyaliklar foydasiga hal bo'lgan. Oxirigi bahsda 2:0 hisobi qayd etilgan bo'lib, andalusiyaliklar tarkibida Frederik Kanute dubl qayd etgan edi.

Yangi mavsumdagi jamoalar statistikasi:

«Sevilya» G'-G'-D. (barcha turnirlarda)
«Zaltsburg» G'-G'-G'-G'-G'. (barcha turnirlarda)

«Sevilya» tarkibida Lyudvig Augustinson, Papu Gomez, Markos Akunya hamda Gonzalo Montiel xalqaro tanaffusdan qaytgan va Yulian Lopategiga yordam berishga shay holda turibdi. Klub asosiy futbolchilaridan faqat bittasida, markaziy yarim himoya vakili Oliver Torresda jarohat mavjud va o'yinda qatnasha olmaydi.

«Zaltsburg» tarkibida asosiy jamoada yo'qotishlar ko'proq. Seku Keyta, Zlatko Yunuzovich va Alberto  Vallchida jarohat mavjud. Ular Mattias Yayssle boshchiligidagi jamoada bugun maydonga tusha olmaydi.

Ushbu o'yin katta ehtimol bilan Ispan granti ustunligida o'tadi. Ular EChLning ilk bahsida yutishga odatlangan. Hozirgi kunda ham «Sevilya» tarkibida o'yinni o'zgartirib yubora oladigan, bahs dinamikasiga ta'sir etuvchi va albatta, yaxshi ijrochilar mavjud. Ko'plab mutaxassislar, jumladan, «BT Sports» telekanali ushbu bahs 2:1 hisobida «Sevilya» foydasiga hal bo'lishini taxmin qilishgan.

«Sevilya»ning taxminiy tarkibi:

Darvozada: Yassin Bonu;
Himoyada: Markos Akunya, Diego Karlos, Jyul Kunde, Xesus Navas;
Tayanchda: Fernando, Xuan Jordan;
Yarim himoyada: Papu Gomez, Suso va Erik Lamela;
Hujumda: Yussuf En-Nesiriy.

«RB Zaltsburg»ning taxminiy tarkibi:

Darvozada: Filipp Kon;
Himoyada: Nissen Kristensen, Umar Sole, Maksimilan Vober, Andreas Ulmer;
Yarim himoyada: Muhammad Kamara, Nikolas Kapaldo, Nikolas Sheyvald;
Hujumkor yarim himoyada: Brenden Aronson;
Hujumda: Chukvube Adamu va Karim Adeyemiy.

Eslatib o'tamiz, yuqoridagi bahs Toshkent vaqti bilan 21:45da start olishi belgilangan. O'yinni MTRK tarkibidagi «Mahalla» telekanali orqali tomosha qilish mumkin.

Jaloliddin ISMATOV tayyorladi.

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR