logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 01:39
KirishA'zo bo'lish
Ronalduning debyuti haqida

 12 SENTYABR, 07:50 11

.

APLda so'nggi kunlarning eng ko'p kutilgan futbol voqeyligi yuz berdi. “Manchester Yunayted”ga Krishtianu qaytdi... “Old Trafford”ga Ronaldu qaytdi!

Qaytish ham gapmi, u dubl bilan jamoasi g'alabasiga (4:1) munosib hissa qo'shdi. O'yinni ko'rgandirsiz, Ronaldu "MYu"ga qaytishi ma'lum bo'lgach, tarkibdagi bir qator futbolchilar soyaga o'tib qoladi, barchasi KriRo atrofida aylanib, klubda shu vaqtgacha yuzaga kelgan ruhga putur etadi, degan xavotirlar to'la-to'kis chippakka chiqdi chog'i. Albatta, bunday xavotirlar “Yuventus”dan so'ng yuzaga chiqqandi va ular ma'lum asoslarga ham ega bo'lib, birgina Paulo Dibala keysi buni tasdiqlashi mumkin. Biroq, Turinda muammo Ronalduda emas, murabbiylarda bo'lgani kecha “Nyukasl”ga qarshi o'yinda yana bir bor isbotlandi chamasi.

To'g'ri, birgina o'yin va uch yillik faoliyatni tugal solishtirib bo'lmaydi. Biroq shunday bo'lsada, kecha o'yinda faol bo'lgan futbolchilarga ahamiyat bering:

—  Birinchi golga sabab bo'lgan zarba muallifi Meyson Grinvud. U endi zaxirada qoladi, deyilgandi.

—  Ronaldu maydonda ekan, xuddi terma jamoadagi singari uning ko'lankasiga aylanib qoladi, deyilgan Brunu Fernandesh. Super golini chetga surib, o'yinini oling, aslo o'zgarish sezmaysiz. Ko'plab uzatmalar, hujumga yo'nalish berish funktsiyasi hali ham Brunuda ekanini ko'rasiz.

— Og'ir fe'li, nozik ta'bi bor deb qaraladigan Pol Pogbada esa yana ikki assist.

—  “Vest Xem”ga qaytib olmadi-da, deyilgan Lingard(ino)da chiroyli gol. Hatto Marsial to'pga tegmaslik kerak bo'lgan o'rinlarni o'rganib olibdi, ko'rdingizmi.

Menimcha norvegiyalik mutaxassis Ronalduni tarkibga samarali qo'shishda Allegri, Sarri yoki Pirlodagi kabi muammolarga duch kelmaydi.  


"MYu" kecha 21 marotaba raqib darvozasi tomon zarba yo'llagan va shundan 12 tasi jarima maydoni tashqarasidan. Demak, “Ronalduga yuqoridan va u qolganini hal qiladi” uslubigagina tayanmaydi Sulsher. “Yuventus” va Portugaliyada bu ko'rinishning keng qo'llanilishi Ronalduning mavjud energiyasidan yanada ko'proq samara chiqarishga xalaqit qilgan bo'lsa ajablanmayman.

Ko'rdik-ki, Krishtianu qanotlardan yoki markazdan jarima maydoniga mayda paslar bilan ham kira oladi, ikki-uch o'rinda omadi kelmagan bo'lsada dribling ham hali yuqori daraja, eng muhimi u o'ta xavfli kutuvchiga aylangan. Darvozabon hududida uning kabi hujumchining borligi bu yarimgol degani aslida.

Bu birinchi o'yindan keyin aytilayotgan fikrlar, albatta. Ammo kecha ko'plab futbol mutaxassislari o'yindan so'ng Ronaldu mavsumni 30+ gol bilan yakunlashi haqida yozishdi. Nima ham derdim – to'la asoslar bor bunday deyishga.

Yana bir bor debyut bilan!

Orif Tolipov.

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR