logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 01:03
KirishA'zo bo'lish
Viktor Jalilov: «Futbolda eng qiyin narsa gol urish. Gol o'tkazmaslik nisbatan osonroq»

 10 SENTYABR, 22:10 3

.

Coca Cola Superliga 17-turidan o'rin olgan "Navbahor" — AGMK (0:0) uchrashuvidan keyin o'tkaziladigan matbuot anjumanining dastlabki qismida "Navbahor" bosh murabbiyi Viktor Jalilov o'yin haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashadi.

— O'ylashimcha, hisob o'yinga mos bo'ldi. Hech bir jamoa g'alabaga munosib edi, deyolmayman. Golli vaziyatlar ko'p bo'lmadi. Bunday uchrashuvlardan barchasini yagona gol hal qiladi. Bizda ham, AGMKda ham to'p nazoratiga egalik kuzatildi. Hujumlar, qarshi hujumlar uyushtirishga intildi.

— Hujumga e'tibor qaratishga intilyapmiz, lekin ko'p narsa futbolchilarning mahoratiga, raqibning qarshiligiga ham bog'liq. Qolaversa, AGMK ham kuchli jamoa, bejiz turnir jadvalining yuqori o'rinlarida bormayapti. To'g'ri, hujumda muammolarimiz bor, hujumlarimiz yakuniga etmay qolyapti. Lekin baribir, asta-sekin hujumdagi salohiyatimizni oshirib boryapmiz. Hali oldinda ko'p o'yinlar bor. Golban haqida biror narsa deyolmayman, barchasi tekshiruvlardan keyin aniq bo'ladi. Hammasi shifokorlarga bog'liq.

— Bizda hech kim himoyadan o'ynashni atayin xohlamaydi. Barchasi tarkibda qanday futbolchilar borligiga bog'liq. Yigitlarni ranjitmoqchi emasman, lekin ayrim jihatlar bo'yicha aksariyat futbolchilarimizga mahorat etishmayapti. Shu bois, jamoamizdan O'zbekiston termasida futbolchi yo'q. Hujumdagi futbolchilarimiz terma darajasiga tortadigan o'yin ko'rsatishmayapti. O'ylashimcha, ular hali o'z mahoratlarini ko'rsatishadi. Misol uchun, O'rinboev birinchi davradagiga nisbatan ancha o'yinini o'nglab oldi.

— Nega Panshanbe jarima zarbalarini ijro etmayapti? Mashg'ulotlarda jarima zarbalarini ijro etayotganlarni kuzatib, rasmiy uchrashuvlarda ularga standartlarni ijro etish imkoniyatini beramiz. Ehsoni olimpiya termasi tarkibida gol urdi, lekin kattalar darajasi bilan yoshlar jamoasi darajasi o'rtasida farq borligini ham unutmaslik kerak. Har bir jamoaning o'ziga xos talablari bor. Naydenov hujumchi ortida ham o'ynagan, orqaroqda ham. Bizning chempionatimiz darajasi ham o'ziga yarasha yuqori, hozircha Boyanga hujum chizig'ida aniqlik etishmayapti, lekin uning bundanda yaxshiroq o'ynay olishiga shubha yo'q.

— Ro'ziev o'ng qanot yarim himoyachisi pozitsiyasida avval ham o'ynagan. Vaziyatga ko'ra, tarkibimizdagi futbolchilar orasida u o'ng qanotda boshqalardan yaxshiroq harakat qilgani uchun uni shu pozitsiyaga qo'ymoqdamiz.

— Futbolda eng qiyin narsa gol urish. Gol o'tkazmaslik nisbatan osonroq. Shu bois, hujumchi mavzusi ko'p gapiriladi. Afsuski, yozda yaxshiroq hujumchi ololmadik. Ko'rikdan o'tganlardan biri yaxshi edi, lekin u Toshkentdagi o'rtoqlik o'yinida jarohat oldi. Yana birining esa harakatlari bizga ma'qul kelmadi, — deya fikrlarini yakunladi Viktor Jalilov.

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR