logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 02:18
KirishA'zo bo'lish
Ronald Kuman: «Har qanday yo'l bilan bo'lsa-da «Barsa»ga yordam berishni istayman» (intervyu)

 9 SENTYABR, 06:05 5

.

"Barselona" bosh murabbiyi Ronald Kuman FIFA kunlarida matbuot xodimlariga intervyu berib, jamoadagi vaziyat haqida so'zlab berdi.

Ilk kunlardagi voqealar haqida

"Professional futbolchi sifatidagi "Barselona"da faoliyatimni juda yaxshi eslayman. Shu bois, o'zimni bu jamoaning bir bo'lagi deya hisoblayman. Bu jamoadan qarzdorman. Shuning uchun har qanday yo'l bilan bo'lsa-da klubga yordam berishga harakat qilaman. So'nggi paytlarda "Barsa" bilan ro'y berayotgan voqealar — me'yoridan ortiq narsalar. Faoilyatimda turli holatlar ro'y bergan, lekin bunaqasi hech qachon bo'lmagandi.

Klub kelgan ilk kunlarimdayoq Messidan "faks" kelish hodisasi ro'y berdi. Shunda klubning moliyaviy ahvoli og'ir ekani ma'lum bo'ldi. Keyin esa Bartomeuga nisbatan ishonchsizlik votumi ilgari surildi va u iste'foga chiqdi. Qisqa qilib aytganda, muammolar haddan tashqari ko'p edi.

Grizmanning jamoadan ketishi va Lyuk de Yongning kelishi haqida

Jamoaga yordamim sifatida Emersonning transferini aytishim mumkin. Men rahbariyatga bu o'yinchi orqali pul ishlab olishimiz mumkinligini aytdim. Chunki bizda o'ng qanotda Dest, Mingesa va Serxi Roberto bor. Bu masalada murosasiz bo'lmadim.

Grizmann bilan ham shunga o'xshash holat yuz berdi. Transfer so'nggi soatlarda hal bo'lgani uchun vaziyatda juda og'ir edi. Qaror qabul qilish uchun umuman vaqt yo'q edi. Grizmannda ajoyib shartnoma bor edi, ammo u klubdan ketsa, jamoaga moliyaviy tomondan ko'p narsa berishi mumkin edi. Shu bois, uning ketishiga rozi bo'ldim.

Lyuk de Yongning transferi borasida shuni aytishim mumkinki, bu to'satdan yuz bergan ish emas. Men avgust oyi boshida u bilan gaplashish barobarida transferni amalga oshirish imkoniyatlarini o'rgana boshladim. Menga shunday tipdagi hujumchi kerak edi. Bizda shu paytga Lyuk de Yong kabi o'tkir hujum bo'lmagan.

Lyuk bizga hujumda ko'p variantlarni beradi. Chunki, u ikkinchi qavatda yaxshi o'ynaydi. Kerak bo'lsa, to'g'ri chiziqli futbol o'ynashimiz mumkin. Shu bois, ushbu transferdan qoniqish hosil qildim.

Fojia shundaki, murabbiyning taqdiri natijalarga bog'liq. Hech kim tarkibda Fati, Dembele va Agueroning yo'qligiga qarab o'tirmaydi. Ha, jamoada birinchi bo'lib men maoshimning pasayishiga rozi bo'ldim. Qiyin pallada o'yinchilarga o'rnak bo'lishim kerakligini his qildim. Qolganlarning, xususan, sardorlarimizning reaktsiyasi menga yoqdi.

Suaresning xizmatidan voz kechishi haqida

Suaresdan voz kechishga to'g'ri kelganidan afsuslangan paytim bo'ldimi? Kechirasiz, ammo yo'q. Men "Barselona"ga rahbariyatning taklifi bilan keldim va jamoada nimanidir o'zgartirishim kerak edi. Shu bois, ilk qadam Suaresning xizmatidan voz kechish haqida o'yladik. Lekin uni "Yuventus"ga ketadi, deb o'ylagandik, "Atletiko"ga emas. Ammo ushbu qarordan hech qachon afsuslanmaymiz.

"Barsa"dagi faoliyatimning dastlabki oyidan keyin: "Jin ursin, men qaerga kelib qoldim?", degan fikr o'tdi. Qiyin vaziyatlar bo'ladi. Bunday paytda ko'p narsalar haqida o'ylaysan, ammo hamisha ijobiy narsalarni qidirish kerak. Jamoani jahonning eng yaxshi futbolchisi tark etganida, jarohatlangan futbolchilar ko'payib ketganida, moliyaviy muammolar ta'qib qilayotgani vaziyatdan chiqib ketish yo'lini topishing kerak.

Men buni sinov deb qabul qildim va bu holat menga motivatsiya bermoqda. Oxir oqibat "Barsa"ga va o'z ishimga bo'lgan muhabbat men uchun muhim ahamiyatga ega.

O'tgan mavsumdagi eng yaxshi va eng yomon o'yini haqida

O'tgan mavsumda, hech bir shubhasiz, "Atletik Bilbao"ga qarshi bo'lib o'tgan Ispaniya kubogini finalini ta'kidlagan bo'lardim. Biz boshidan oxirigacha ideal o'yin o'tkazdik. Leo va butun jamoa ajoyib o'yin namoyish etgandik. Eng yomon bahs esa o'z uyimizda "Granada"ga qarshi bo'lib o'tgan uchrashuv. Chunki, 70-daqiqagacha biz 1:0 hisobida oldinda borayotgandik, ammo yakunda mag'lub bo'lgandik.

O'tgan mavsumda bizga intensivlik etishmadi. Chiziqlar orasida uzilishlar ro'y berdi. Ayniqsa, mavsumning ikkinchi qismida bu holat sezildi. Mudofaada muammolar ko'p bo'ldi, buning uchun jazolandik. Bu narsalar ruhiy jihatdan bizni izdan chiqardi. Ammo bu vaziyatlarni to'g'ri tahlili qilishimiz kerak. Mavsum davomida vaziyatni o'nglashga harakat qildik. Xususan, "Real Sosedad" va "Xetafe"ga qarshi o'yinlarda.

O'zimni kuchli psixolog deb hisoblayman. Mening kelajagim meni mutlaqo xavotirga solmaydi. Bu borada xotirjamman. Qiyin pallada meni qo'llab-quvvatlagan muxlislarga va Joan Laportaga minnatdorchilik bildiraman. U prezidentlikka kelganidan keyin klubdagi vaziyat ijobiy tomonga o'zgardi.

Yangi shartnoma haqida

Ikki yarim hafta avval agent bilan birgalikda rahbariyat bilan uchrashuv o'tkazdim. Shartnomam yakunlanishiga bir yil qolganini, ammo mening ishimdan qoniqish hosil qilishayotganini aytib, hamkorlikni davom ettirishni istayotganliklarini aytishdi. Shundan keyin bu haqda boshqa gap bo'lmadi, ammo OAVda doimo qandaydir xabarlar paydo bo'ladi.

Men "Barselona" tomonidan beriladigan har qanday taklifga ochiqman. Agar jamoa hamkorlikni davom ettirishni istasa, nima uchun men klubdan ketishim kerak? Biz qiyin vaziyatlardan o'tib kelyapmiz. Yaqin kelajakda yana yangi muammolarga to'qnash kelsak kerak. Ixtiyorimizda kelajagi porloq futbolchilar etarli. Ular uzoq yillar davomida o'z pozitsiyalarini yopa olishadi. Bu esa meni ruhlantiradi.

Umtiti va Puch haqida

Umtiti haqida so'nggi paytlarda ko'p gapirilmoqda. Jarohatdan keyin u kerakli darajaga chiqib olishi qiyin keqmoqda. So'nggi paytlarda u o'sib borayotganini ko'ryapman. O'tgan mavsum so'ngida u bir necha daqiqa o'yin amaliyotiga ega bo'ldi. Samuel o'z pozitsiyasida raqobat borligini ko'rib turibdi. U o'z formasini tiklanishini istayman. Agar u mashg'ulotda o'zini ko'rsata olsa, u albatta o'yinda ishtirok etadi.

Kimdir meni Riki Puchga qarshi deya gapirayotgan bo'lsa, bu — bo'hton. U bilan mashg'ulotda ishlayapmiz. Unga o'z o'yinini kuchaytirish uchun nimalar qilish kerakligini doimo tushuntiryapman. U kam o'yin amaliyotiga ega bo'layotganiga to'xtaladigan bo'lsa, to'xtang. Men murabbiyman. Agar jamoa g'alaba qozonsa, meni maqtashadi, agar mag'lubiyatga uchrasak, muxlislar birinchi bo'lib meni "ko'mishadi". Shunday ekan, jamoada rotatsiyani qay tarzda amalga oshirishni o'zimga qo'yib bering.

Messining ketishi haqida

Laporta menga qo'ng'iroq qilib, Messi jamoada qolmasligini aytganida, bu juda kuchli zarba bo'lgandi. Men mavsumga barcha rejalarni Messiga tayanib tuzayotgandim. "Faks" voqeasidan keyin yangi mavsumda u o'zini ko'rsatish uchun kuchli motivatsiyaga ega edi. Leo uchun yaxshi muhitni yuzaga keltirishga harakat qildik.

Messi ketganidan keyin o'zgarishimizga to'g'ri keladi. Taktik sxema haqidagi gap-so'zlar hech qanday ahamiyatga ega emas. Hattoki Kroyff ham hamisha 4-3-3 sxemasida o'ynamagan. Futbolchilik faoliyatimda "Barsa" safida uch himoyachi bilan o'ynaganmiz. Jamoa turli sxemalarga moslashuvchan bo'lishi kerak. Men 4-3-3 sxemasidan o'ynashda davom etaman, ammo 3-5-2ni ham qo'lostimda ushlab turaman. Bu esa raqibga bog'liq.

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR