logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 13:46
KirishA'zo bo'lish
Matonatli paralimpiyachilarimiz tantanali kutib olindi

 7 SENTYABR, 11:20 3

.

Sayyoramiz para atletlari 5 yil orziqib kutgan Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o'yinlari o'z nihoyasiga etdi.

O'zbekiston delegatsiyasi ushbu o'yinlarda 8ta sport turidan ishtirok etdi. Delegatsiyamiz a'zolari 8ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza, jami 19ta medal qo'lga kiritgan holda 168ta mamlakat vakillari qatnashgan dunyoning yirik sport anjumanida umumjamoa hisobida 16-o'rinni egallashdi.

Osiyo davlatlari orasida Xitoy, Yaponiya va Eron kabi qudratli davlatlardan so'ng to'rtinchi, MDH davlatlari orasida Rosciya Paralimpiya qo'mitasi, Ukraina va Ozarbayjondan so'ng to'rtinchi, Turkiy davlatlar orasida Ozarbayjondan so'ng ikkinchi va Markaziy Osiyoda birinchi bo'ldik. Shubhasiz, bunday natija Yangi O'zbekiston uchun mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga munosib sovg'a bo'ldi.

Mamlakatimizda so'nggi yillarda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ayniqsa ular orasida Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Para atletlarimizning nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko'rishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Tokio-2020 Paralimpiya o'yinlarida erishgan tarixiy g'alabalarimiz ham ana shu e'tiborining samarasidir.

Bugun Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o'yinlaridan qaytib kelgan matonatli sportchilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduhakimov boshchiligidagi keng sport jamoatchiligi, OAV vakillari va blogerlar tantanali kutib olishdi.

Shundan so'ng paralimpiyachilarimiz usti ochiq avtobuslarda poytaxtimizning markaziy ko'chalaridan o'tib, “Yangi O'zbekiston” bog'iga yo'l olishdi. Shahar ko'chalariga chiqqan minglab yurtdoshlarimiz matonatli va jasur sportchilarimizni olqishlar bilan kutib olishdi.

“Yangi O'zbekiston” bog'iga etib kelgan mamlakatimiz paralimpiya delegatsiyasi a'zolari dastlab “Mustaqillik monumenti” poyiga gulchambar qo'yishdi. So'ngra bu erda Paralimpiya o'yinlari g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o'tkazildi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar sportchilarimizning Tokio arenalarida ko'rsatgan matonatu jasoratlarini yuksak darajada e'tirof etishdi. Xalqimizga olam-olam quvonch ulashgani uchun paralimpiyachilarimizga minnatdorlik bildirildi.




Nihoyat eng hayajonli lahzalar etib keldi. XVI yozgi Paralimpiya o'yinlarining g'olib va sovrindorlariga Prezident sovg'alari topshirildi. Unga ko'ra, oltin medal sohiblarining har biriga «Tahoe» avtomobili, 200 ming AQSh dollari hamda Toshkent shahridan 3 xonali uy, kumush medal egalariga «Traverse» avtomobili, 100 ming dollar va Toshkent shahridan 2 xonali uy hamda bronza medalini qo'lga kiritgan sportchilarga esa «Trailblazer» avtomobili, 50 ming dollar va Toshkent shahridan 1 xonali uyning kalitlari taqdim etildi. Sovg'alarni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov tantanali ravishda topshirishdi.




Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, bunday e'tibor va g'amxo'rlik sportchilarimiz uchun katta motivatsiya berish bilan bir qatorda ularni yangi g'alabalar sari ruhlantiradi. Tadbirda so'zga chiqqan sportchilarimiz “bizning motivatorimiz – bu bizning Prezidentimiz” deb bejiz aytishmadi. Zotan, davlatimiz rahbari tomonidan Paralimpiya sportini rivojlantirish va paralimpiyachi sportchilarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqdaki, bularning mahsulini biz Paralimpiya o'yinlarida qo'lga kiritilgan medallar misolida ko'rib turibmiz.

Manba: stadion.uz

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR